Vladimirdagi halokat: Mirziyoyev hukumat komissiyasini tuzishni buyurdi

Halokat joyi

Сурат манбаси, Reuters

Bu haqda Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasman xabar qilmoqda.

6 kuni yuz bergan yirik avtohalokatda kamida 15 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qurbon boʻlgan.

Hukumat komissiyasi zimmasiga Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida qurbonlar va jabrdiydalarni olib kelish ishlarini uyushtirish vazifasi yuklangan.

Ayon boʻlishicha, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan birga mamlakat Ichki ishlar vazirligi ham avtohalokatga uchragan fuqarolarning shaxslarini aniqlash yoʻlida ish olib borishmoqda.

Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga koʻra, hukumat qurbonlar va jabrdiydalar yaqinlariga lozim boʻlgan barcha yordamni koʻrsatadi.

Ishchi uchrashuvi

Rasmiy xabarlarga koʻra, yirik avtohalokat ortidan, Vladimir gubernatori viloyatga yetib kelgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri muovini va Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi bilan uchrashib, vaziyatni muhokama etib olgan.

Saidikrom Niyozxoʻjayev va Bahrom Ashrafxonovlar boshchiligidagi guruh viloyatning Petushenskiy tumanida yuz bergan mazkur hodisada qurbon boʻlganlarning shaxslarini aniqlash va jabr koʻrganlarga koʻmak koʻrsatish uchun Vladimirga yetib borishgan.

Rossiyaning Vladimir viloyatida 6 oktyabr kuni avtobus va yoʻlovchi poyezdi toʻqnashgan.

Avtobusda boʻlgan 56 nafar Oʻzbekiston fuqarosidan 15 nafari va bir qozogʻistonlik haydovchi hodisa sathida halok boʻlishgan. Qurbonlar sonining yana ortishi kutilmoqda.

Halokatga uchragan avtobusda ikki nafar qozogʻistonlik haydovchi doxil jaʼmi 58 nafar kishi boʻlgan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, yoʻlovchilardan 38 nafari joriy paytda operativ shtabda qolishmoqda.

Ikki nafari yosh bola boʻlgan toʻrt nafar jabrdiydaning kasalxonada ekanliklari, hozir eng yaxshi shifokorlar ularning hayotlari uchun kurashayotganliklari aytilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, fojea sathiga Moskvadan ham maxsus tibbiy mutaxassislar guruhi yetib kelgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ham tumanga oʻz tezkor guruhini yuborgan.

Rasman maʼlum qilinishicha, Rossiyaning Vladimir viloyatidagi halokat oqibatida jabrlangan fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligida tezkor guruh tuzilgan.

Guruh Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Bosh direktori Abduhakim Xadjibayev boshchiligidagi malakali jarroh, neyrojarroh, travmatolog, ortoped, reanimatolog-anesteziolog, nevrolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan.

Ular zarur tibbiy vositalar, dori-darmon zaxiralari bilan yetarli darajada taʼminlangan.

Oʻzbekiston Vladimirga maxsus samolyot ham yuborgan

Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasman maʼlum qildi.

Vazirlikka koʻra, bu ish jabrdiydalarga yordam koʻrsatish va ularni olib ketish uchun qilingan.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, joriy paytda halok boʻlgan va jarohatlangan Oʻzbekiston fuqarolari haqidagi maʼlumot aniqlanmoqda.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi esa, Vladimir viloyatida roʻy bergan yoʻl-transport hodisasi yuzasidan tezkor aloqa liniyasini ishga tushirdi. Bu haqda elchixona saytida maʼlum qilingan.

Tarixcha oʻrnida

Rossiya

Сурат манбаси, TASS

Xabarlarga koʻra, bu mashʼum hodisa viloyatning Petushenskiy tumanida yuz bergan.

Yoʻlovchi poyezdi temir yoʻl kesishuvida toʻxtab qolgan "Mercedes" rusumidagi avtobusga borib urilgan.

Natijada kamida 15 kishi qurbon boʻlgan. Ulardan bir nafarining yosh bola ekani aytilmoqda.

Hayotdan koʻz yumgan avtobus haydovchisi qozogʻistonlik boʻlgan.

Ammo shu daqiqalarda qurbonlarning sonlariga oid raqamlar bir-biriga zid.

Masʼullarning aytishlaricha, halokatga uchragan avtobusda jaʼmi 56 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan.

Ikki nafar haydovchi esa, Qozogʻiston fuqarolari boʻlishgan.

Xabarlarga koʻra, qolgan yoʻlovchilar turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yetkazilgan.

Ularning orasida voyaga yetmagan bolalarning ham borliklari aytilmoqda.

Halokat mahalliy vaqt bilan 6 oktyabrga oʻtar kechasi yuz bergan.

Avtobus temir yoʻl kesishuvida toʻxtab qolgan.

Masʼullarga koʻra, poyezd yoʻlovchilari orasida jabrlanganlar yoʻq.

Ammo, "Interfaks" axborot agentligining oʻz manbasiga tayanib yozishicha, halokat oqibatida mashinistlarga tan jarohati yetgan.

Avtobus nega temir yoʻl kesishuvida toʻsatdan toʻxat qolgani sababi hozircha maʼlum emas.

Munosabat

Vladimirda sodir hodisa yuzasidan BBC Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasi bilan bogʻlandi.

-Hali tasdiqlangan maʼlumot bizda yoʻq. Halokat sathidan matbuot orqali xabarlar kelayapti, ammo rasman hech nima kelgani yoʻq. Konsullik xodimimiz erta tongda Vladimirga joʻnab ketdi. Voqea joyida hammasini aniqlab, maʼlumotlarni beradi, - dedi elchixona matbuot kotibi Alisher Usmonov.

Matbuot kotibi elchixona va konsullik hodisadan jabrlangan oʻzbekistonliklarga amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

-Bunday voqealar bir necha marotaba boʻldi. Qozogʻistonda boʻlganda ham, Qirgʻizistonda boʻlganda ham nima tarafdan yordam kerak boʻlsa, bajarildi. Bu hodisada ham elchixona va hukumat orqali bercha tegishli yordamlar koʻrsatiladi, - deya taʼkidladi Usmonov.

BBC Oʻzbek Xizmati xabar tafsilotlarini oʻrganishda davom etmoqda.