Jizzaxdagi paxta qurbonining Yoshlar ittifoqiga "aloqasi boʻlmagan"

paxta

Сурат манбаси, Timur Karpov

Jizzax viloyatida paxtadan qaytayotganda halok boʻlgan Gulzoda Tojiboyevaning Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining aloqasi boʻlmagan. U boshlangʻich sinfda dars bergan. Ittifoq matbuot kotibining BBC Oʻzbek xizmatiga maʼlum qilishicha, Tojiboyeva paxta mavsumi boshlanishidan sal oldinroq tashkilotdan ketgan.

46 yoshli Gulzoda Tojiboyeva 16 sentyabr kuni kechki soat sakkiz atrofida paxtadan qaytayotgan avtobus urib ketishi natidasida halok boʻlgandi.

Yoshlar ittifoqi matbuot kotibi Nodir Abduqodirovning aytishicha, ommaviy axborot vositalarida marhumani Yoshlar ittifoqida ishlaydi, deb xato yozishgan.

"Biz surishtirdik, bu ayolning Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqiga hozirgi kunda hech qanaqangi aloqasi boʻlmagan ayol ekanlar. Oldin haqiqatdan ham "Kamolot" yetakchisi boʻlganlar. 32 chi maktabda tashkilotchi, deb sof.uz sayti maʼlumot bergan. Bizda tashkilotchi degan lavozimning oʻzi yoʻq. Bu ayol oldin ishlagan tizimda, lekin 2 sentyabrdan boshlab boʻshagan" deydi Nodir Abduqodirov.

Sharof Rashidov tumanida paxtadan qaytayotgan Gulzoda Tojiboyevaning "Isuzi" avtobusi urib ketgani haqida Ozodlik radiosi xabar bergan edi.

Yoshlar ittifoqi matbuot kotibining aytishicha, Gulzoda Tojiboyeva 32 maktabda boshlangʻich sinflarda dars bergan.

"Yoshi maqolada koʻrsatilganidek 39 da emas, 46 yoshda boʻlgan. Adashmasam, 7 sentyabrdan maktab direktorining buyrugʻi bilan tuman mudofaa boʻlimiga xizmat safariga joʻnatilgan ekan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga hech qanday aloqalari yoʻq. Fidoiylar otryadiga ham aloqasi boʻlmagan. U inson bizning tashkilotimiz tomonidan paxtaga jalb etilmagan".

Nodir Abduqodirovning aytishicha, Kamolot oʻrniga tashkil topgan Yoshlar ittifoqi nizomida yetakchi oliy maʼlumotli boʻlishi koʻrsatilgani uchun Gulzoda Tojiboyeva oʻrniga boshqa odam olingan.

BBC izoh olish uchun Jizzax viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga bogʻlanishga harakat qildi.

Ammo boshqarma boshligʻi Gʻayrat Qodirovni topishning imkoni boʻlmadi. Boshqa masʼullar bu borada faqat boshliq izoh bera olishi mumkinligini aytishdi.

Boshlangʻich sinf oʻqituvchisining paxta mavsumida mudofaa boʻlimiga xizmat safariga yuborilishi va paxtaga chiqishi kabi savollar ochiq qolmoqda.

Bu yil paxta mavsumi boshlanishidan oldin bir necha viloyat hokimlari va Xalq taʼlimi vaziri oʻqituvchilarning paxtaga chiqarilishi oldi olinishi haqida gapirgan edi.

Biroq joylardan olinayotgan maʼlumotlarda oʻqituvchi va shifokorlar ixtiyoriy-majburiy ravishda paxtaga chiqmoqda.

Chiqmayotganlar esa oʻrniga odam topish maqsadida pulini bermoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02